100 dan ortiq Tugʻilganlik haqidagi guvohnomalar sayyor tartibda topshirildi

views 21 May 2020
views 105

Har qanday oilada farzand tugʻilishi katta quvonch, tantana bilan kutib olinadi. Farzand – bu ota-onaning quvonchi, baxti, hayot davomchisi. Farzand nafaqat oila uchun, balki jamiyat va Vatan uchun ham azizdir. Ota-onaning birdan-bir orzusi — farzand koʻrish va oʻz farzandini sogʻlom tugʻilib, axloqan pok hamda maʼnaviy kamol topgan inson boʻlib voyaga yetkazishdir. Oila bor ekan, farzand deb atalmish bebaho neʼmat bor.

 

Koronavirus pandemiyasi davrida ota-onalarga qulay boʻlishi uchun Davlat xizmatlari agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi tasarrufidagi Guliston shahar tuman FHDYO boʻlimi xodimlari chaqaloqlarning tugʻilganlik haqidagi guvohnomalarini sayyor tartibda topshirishni yoʻlga qoʻydilar.

 

— Ota-onalarning FHDYO boʻlimlarida toʻplanishlarining oldini olish va ularning ogʻirini yengil qilish maqsadida Perinatal markazda sayyor xizmat koʻrsatildi, — deydi Guliston shahar FHDYO boʻlimi mudirasi Xadicha Aslanova. — Albatta bunday imkoniyat va qulaylikdan ota-onalar xursand boʻlishdi. 

 

Nargiza Ismoilova Oqoltin tumanida yashaydi. Sardoba suv toshqini sababli farzandi viloyat Perinatal markazida dunyoga keldi.

 

— Ikkinchi farzandim shunday sinovli kunlarda tugʻildi. Bizni viloyat Perenatal markazining qoʻli yengil shifokorlari va hamshiralari xushmuomalalik bilan kutib olishdi, gʻamxoʻrlik qilishdi. Qolaversa, biz ota-onalar uchun qulay sharoit yaratib, farzandimning tugʻilganlik guvohnomasini sayyor tartibda yetkazib bergan Davlat xizmatlari agentligi FXDYO boʻlimi xodimlaridan ham minnatdormiz, — deydi N. Ismoilova. 

Guliston shahrida yashovchi yosh oila Kamola va Sherzod Vahidovlarning bugun quvonchi cheksiz. Katta umidlar bilan turmush qurgan baxt goʻshasida bir-biridan shirin egizak chaqaloqlar tugʻildi. Baxtiyor juftlik toʻngʻich farzandlarining egizak ekanligi haqidagi xabarni ham katta xursandchilik bilan kutib olishgandi. Ammo mamlakatimizda pandemik vaziyatdan biroz xavotirga tushgan edilar.

 

 Egizak farzandlarim Alixan va Aliyor karantin paytida tugʻildi, — deydi Kamola Muhamedova. — Pandemik vaziyatda bizni qoʻllab-quvvatlagan shahar FHDYO boʻlimidan minnatdormiz. Bunaqasi sira boʻlmagan ekan, yangilik va qulaylik bizga juda maʼqul boʻldi. 

 

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, DXA Sirdaryo viloyati boshqarmasi tizimidagi Guliston shahar FHDYO boʻlimi tomonidan yuzdan ortiq bolaga tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomalar sayyor tartibda topshirildi.

 

Darhaqiqat, pandemik vaziyat aholining Davlat xizmatlaridan onlayn foydalanish koʻnikmasini oshiribgina qolmay, elektron davlat xizmatlaridan foydalanish eng qulay va optimal variant ekanligini yana bir karra isbotladi. Zero, Davlat xizmatlari agentligining “Tezkor, qulay, shaffof” degan shiorida ham koʻrsatilayotgan xizmatning sifati ifoda etilgan.

 

DXA Sirdaryo viloyati boshqarmasi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar shoʻbasi

telegram link Murojaatingizni yo'llang!
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech