Hisoblagichlarni qiyoslash bilan bogʻliq eng koʻp muhokamaga sabab boʻlayotgan top-6 savollar

views 23 Yanvar 2020
views 1811

Soʻngi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda kommunal xizmatlar boʻyicha hisoblash uskunalarini qiyoslash bilan bogʻliq sharhlarga duch kelmoqdamiz. Quyida eng dolzarb va koʻp savollarga sabab boʻlayotgan muammolarga aniqlik kiritamiz.

 

1. Hisoblagichlarimizni qiyoslashdan oʻtkazishimiz uchun qayerga murojaat qilishimiz kerak?

 

Hukumatning tegishli qaroriga asosan, 2019-yil 1-noyabrdan boshlab, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suv hisoblagichlarini yechish, qiyoslashdan oʻtkazish va oʻrnatish uchun arizalarni Davlat xizmatlari markazi (DXM) yoki elektron shaklda my.gov.uz portali orqali amalga oshirilishi belgilangan.

 

2. Hisoblagichlarni qiyoslovdan oʻtkazish xizmati pullikmi?

 

Yuqorida aytib oʻtilgan qaror bilan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suv hisoblagichlarini yechish, qiyoslashdan oʻtkazish va oʻrnatish xizmatini koʻrsatishning tartibi belgilangan.

 

Maʼmuriy reglamentga koʻra, elektr energiyasi hisoblagichlarini qiyoslash uchun fuqarolardan hech qanday yigʻim undirilmaydi. Biroq, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunasini yechish, qiyoslashdan oʻtkazish va oʻrnatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 % (bugungi kunda 44 680 soʻm) miqdorida yigʻim koʻzda tutilgan.

 

Yuridik shaxslardan mazkur xizmatni koʻrsatganlik uchun barcha turdagi hisoblagichlar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari (bugungi kunda 334 500 soʻm) miqdorida yigʻim undiriladi.

 

3. Davlat xizmatlari markaziga hisoblagichlarni qiyoslash uchun ariza bergan boʻlsam ham, nima uchun shu paytgacha xizmat koʻrsatilmadi?

 

Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi hamda masʼul idoralar tomonidan qaror talablari belgilangan muddat bajarilmadi. Ushbu holatlar boʻyicha Davlat xizmatlari agentligi tomonidan Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgaztaʼminot” AJning masʼul xodimlari bir necha marta rasman ogohlantirilgan boʻlsa-da, qaror talablari oʻz vaqtida bajarilmadi.

 

Oqibatda, fuqarolar va tadbirkorlar tomonidan kommunal xizmatlar hisoblagichlarini yechish, qiyoslashdan oʻtkazish va oʻrnatish boʻyicha arizalarni DXM yoki onlayn tarzda yuborish imkoniyati yaratilmadi.

 

Mazkur holatlar yuzasidan yuqorida aytib oʻtilgan tashkilotlarning masʼul xodimlari Agentlik tomonidan maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

 

Hozirda, ushbu davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha tizim ishga tushgan boʻlib, fuqarolardan arizalar qabul qilinmoqda.

 

Biroq, taʼminotchi tashkilotlar belgilangan muddatda elektron tizimga ulanmaganligi sababli, hozirda ushbu sohada murojaatlarning ortib ketganligi va navbatma-navbat koʻrib chiqilayotganligi, shu bilan birga taʼminotchi tashkilotlarda xodimlar sonining yetarli emasligi elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish hisoblagichlarini qiyoslashdan oʻtkazish jarayoniga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Shu bois, mazkur xizmatlarni koʻrsatish muddati choʻzilmoqda.

 

4. Agar men arizamni oʻz vaqtida topshirgan boʻlsam-da, mutasaddi tashkilot hisoblagichni belgilangan muddatda yechib ketmagan boʻlsa, kim aybdor boʻladi?

 

Aholi tomonidan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish hisoblagichlarini yechish, qiyoslashdan oʻtkazish va oʻrnatish boʻyicha Davlat xizmatlari markazlari va elektron shaklda oʻz vaqtida berilgan arizalar boʻyicha taʼminotchi tashkilotlar tomonidan belgilangan muddatda koʻrib chiqilmaganligi uchun fuqarolar javob bermaydi!

 

5. Hisoblagich qiyoslashdan oʻtkazish uchun yechib olinganda, mazkur kommunal xizmatlar uchun toʻlovlar qanday amalga oshiriladi?

 

Hisobga olish uskunasi talabgorning aybisiz vaqtinchalik buzilganda yoki qiyoslashdan oʻtkazish uchun yechib olinganda, yetkazib berilgan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suv uchun hisob-kitob mahalliy Majburiy ijro byurosini xabardor qilgan holda, hisobga olish buzilishiga yoki qiyoslashdan oʻtkazishga qadar boʻlgan oldingi uch hisob-kitob oyidagi oʻrtacha sarf boʻyicha aniqlanadi. Hisob-kitobning bunday tartibi bir oydan ortiq qoʻllanilishi mumkin emas.

 

Hisobga olish uskunasi bir oy muddatda oʻrnatilmagan hollarda hisob-kitob oʻrtacha sutkalik sarf boʻyicha amalga oshiriladi.

 

6. Hisoblagichlarni 2019-yilning oktyabr oyida qiyoslashdan oʻtkazgan boʻlsam, keyingi qiyoslov ishlarini qachon amalga oshirishim kerak?

 

2019-yil 1-noyabrdan keyin kelib tushgan arizalar boʻyicha hisobga olish uskunalarini qiyoslash davriyligi fuqarolar uchun 8 yil, tadbirkorlar uchun esa 4 yil etib belgilandi.

 

2019-yil 1-noyabrdan avval topshirilgan arizalarga nisbatan eski tartib qoʻllaniladi. Yaʼni, jismoniy shaxslar uchun – 4 yil, yuridik shaxslar uchun – 2 yil.

telegram link Murojaatingizni yo'llang!
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech