Filial deganda koʻz oldingizga nima keladi?

views 15 Sentabr 2020
views 286

Ommabop va yuqori sifatli mahsulot yoki xizmatning Sizga yaqin boʻlgan masofada taqdim etilish imkoniyati paydo boʻlganini tushunasiz, shunday emasmi?

 

Davlat xizmatlari markazlari tashkil etilishi natijasida fuqarolarimizning ogʻirini yengil boʻlganini bugungi kunda koʻplab jarayonlar va xizmatlar uchun talab etiladigan hujjatlarning kamaytirilishi, muddatlar qisqarishi, turli maʼlumotnomalar talab etilishi bekor boʻlishida yaqqol namoyon boʻlmoqda.

 

Biroq, bitta tuman uchun 1 ta markaz faoliyat olib borishi ham qisman noqulaylik keltirib chiqarmoqda. Chunki hududi katta tuman aholisi uchun 20-30 kilometr yoʻl bosib kelish ortiqcha vaqt va mablagʻ xarajati demakdir.

 

Toʻgʻri, davlat xizmatlaridan onlayn foydalanuvchilar uchun masofa hech gap emas, lekin olis hududlarimizda onlayn xizmatlar hali toʻliq ommalashmagani sababli ham davlat xizmatlaridan bemalol foydalanish biroz mushkul boʻlmoqda.

 

Bu kabi sharoitlarni inobatga olgan holda olis va chekka hududlarda davlat xizmatlari markazlari xodimlari tomonidan sayyor tartibda xizmat koʻrsatilib kelinmoqda.

 

Bundan tashqari, tuman markazlaridan ancha olisda joylashgan qishloqlar va mahallalardagi fuqarolarimizga qulay xizmatlar uyiga yaqin boʻlishini taʼminlash maqsadida markazlarning filiallari tashkil etilmoqda va foydalanishga topshirilmoqda.

 

Xuddi shunday filiallarning bir nechtasi Qashqadaryo viloyatida ham foydalanishga topshirildi.

 

Jumladan, Qamashi tuman markazidan 40 kilometr uzoqlikda joylashgan “Qoʻshkapa” filiali “Sarbozor”, “Chim”, “Ravot”, “Gulshan”, “Kaptarxona”, “Uzun”, «Jombus», «Jombus soy», “Mehr” MFY hamda «Blun-Ayl», “Oqrabot”, “Lapas Muxammadiyev”, “Qoraqoʻton” xoʻjaliklarida istiqomat qilayotgan 52 ming aholiga xizmat koʻrsatishni belgilangan reja-grafik asosida koʻrsatishni boshladi.

 

Shahrisabz tuman markazidan 55 kilometr uzoqlikda joylashgan “Xisorak” filiali esa “Koʻl”, “Gʻyelon”, “Sarchashma”, “Sayyod”, “Xitoy”, “Hisor”, “Toshbuloq”, “Qiyomshayx” hamda “Paxtakor” MFYlarda istiqomat qilib kelayotgan jami 22 ming aholiga xizmat koʻrsatishi koʻzda tutilgan.

 

Kitob tumani markazidan 35 kilometr uzoqlikda joylashgan Varganza qishlogʻi esa butun dunyoga oʻzining anorlari bilan mashhur. Ushbu hudud ham tuman markazidan olisligini hisobga olgan holda, bu yerda ham davlat xizmatlari markazi filiali oʻz ish faoliyatini boshladi. Togʻli hududdagi bu filial orqali yaqin atrofdagi “Anorzor”, “Bogʻi baland”, “Bashir”, “Panji”, “Obod”, “Nurafshon”, «Qushdaryo» hamda “Qorabuloq” MFYlarda istiqomat qilayotgan 30 ming aholiga xizmat koʻrsatishi rejalashtirilgan.

 

Maʼlumot uchun, hozirgi kunga kelib Qashqadaryo viloyatida davlat xizmatlari markazlarining 20 ta filiallari oʻz ish faoliyatini davom ettirmoqda.

 

DXA Qashqadaryo viloyati boshqarmasi Matbuot xizmati.

telegram link Murojaatingizni yo'llang!
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech