Jizzaxda 6 ta davlat xizmatlari markazi filiali ish boshladi

views 12 Sentabr 2020
views 439

Davlat xizmatlari agentligi tashkil topganiga 2 yarim yil boʻlgan boʻlsa-da qisqa fursatlarda xalqning ishonchiga kira oldi. Sohada qator oʻzgarish va tub yangilanishlar amalga oshdi. Ayni kunlarda viloyatning 6 ta tumanida Davlat xizmatlari markazlarining filiallari ish boshladi.

 

Zomin tumanining Dashtobod shaharchasida 25 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Endilikda shaharcha aholisi ortiqcha vaqt va mablagʻ sarflab tuman markaziga borishiga ehtiyoj qolmadi. DXA Jizzax viloyat boshqarmasi tuman aholisining murojaatlarini oʻrganish natijasida Davlat xizmatlari markazining filialini ishga tushirdi. 140 dan ortiq davlat xizmatini koʻrsatuvchi filial Dashtobod shaharchasi Madaniyat markazi binosida joylashgan.

 

- Fuqarolarga qulayliklar yaratish Davlat xizmatlari agentligining eng ustuvor vazifalaridan biri sanaladi, - deydi DXA Jizzax viloyat boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Bobur Nazarov. - Shu maqsadda shahar va tuman markazlaridan ancha olisda joylashgan aholi punktlarida DXMning filiallari tashkil etildi. 

Gʻallaorol Jizzax viloyatidagi aholi soni va hududi jihatdan katta tumanlardan biri hisoblanadi. 180 mingga yaqin aholi istiqomat qiladigan tumanda qishloqlar markazdan ancha olisda joylashgan. “Lalmikor” qoʻrgʻoni tuman markazidan 30 km olisda boʻlib aholisi zich yashovchi hududlaridandir. Masofa olisligi aholi uchun qishning sovugʻida va yozning jazirama issiq holatida tuman markaziga borish uchun bir qator noqulayliklar tugʻdirmoqda. Qishloq odamlarining daromad manbayi bogʻdorchilik va chorvachilik. Bundan koʻrinadiki bu yerda dehqon xoʻjaliklari va tadbirkorlik subyektlari soni koʻp.

 

Ushbu omillar sabab “Lalmikor” qoʻrgʻoni markazida joylashgan Sanoat kasb-hunar kolleji binosidan tuman davlat xizmatlari markazining filialini tashkil etish uchun xona ajratildi. Hozirda ushbu filial ham toʻliq jihozlanib ish faoliyatini boshladi.

 

Filial ish faoliyatini boshlashi bilan 9 mingdan ziyod aholiga ega boʻlgan hudud uchun zamonaviy xizmat koʻrsatish kompleksiga aylandi. Bundan tashqari ushbu hududga yaqin Marjonbuloq, Moltob, Xonimqoʻrgʻon, Gʻoʻbdin qishloqlarida istiqomat qiluvchi 30 mingdan ortiq aholi uchun ham ushbu markaz ancha yaqin hisoblanadi.

 

Shuningdek, oʻzining betakror tabiati va musaffo ob-havosi bilan ajralib turuvchi Baxmal tumanining markazi Oʻsmat shaharchasidan 70 km uzoqlikda joylashgan “Baxmal” QFYda ham tuman DXM filiali ishga tushdi. Bu esa tadbirkorlar va 30 mingga yaqin hudud aholisi uchun oʻziga xos qulaylik yaratildi.

 

- Sharof Rashidov tumani markazidan 40 km olisda joylashgan Ravot QFY aholisi endi davlat xizmatlari boʻyicha oʻz hududlarida murojaat qilish imkoniga ega boʻlishdi, - deydi tuman DXM direktori Nasim Bekmurodov. - Bu oʻz-oʻzidan ortiqcha vaqt va yoʻl xarajatini qisqartirish imkonini deganidir. Davlat xizmatlari markazining Umar filiali haftaning dushanba va payshanba kunlari fuqarolarga xizmat koʻrsatadi. 

Hozirgi kunga qadar viloyatda 3 ta markazning (Forish tumanida Darvoza, Omonkeldi va Gʻallaorol tumanining Qoʻytosh) filiali faoliyat yuritayotgan edi. Shu kunlarda Forish tumanining “Yassikechuv” va Arnasoy tumanining “Choʻlquvar” QFY hududlarida filiallar faoliyatini boshladi. Endi ular soni 9 taga yetdi. Mazkur filiallar orqali 1500 dan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatildi. Kelib tushayotgan eng koʻp murojaatlar asosan kadastr bilan bogʻliq boʻlib bino va inshootlarning tashqi koʻrinishini oʻzgartirish uchun kelishish, obyektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish kabi xizmatlardir.

 

DXA Jizzax viloyat boshqarmasi Axborot xizmati

telegram link Murojaatingizni yo'llang!
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech